Gripp bilan og’rimagan odamni topish mushkul bo‘lsa kerak. Bu kasallik oddiy shamollashdek tuyulgani bilan undan tubdan farq qiladi. Birinchidan, shamollash tanaga insonni ehtiyotsizligi oqibatida kirib kelsa, ikkinchidan, u yuqumli emas. Gripp esa virus tomonidan bir insondan ikkinchisiga havo, suv va hokazo unsurlar yordamida tashib o‘tiladi, demakki, u yuqumli kasallik ekan.
Hozirgi kunda turli xil gripp viruslari bo‘lib, bu kasallikning oqibati turli xil kechmoqda. Masalan, bir gripp turini yuqtirgan bemorning harorati tushmay qiynasa, ikkinchi xil turini yuqtirgan bemorning sillasi quriydi va mushaklari og’riydi, uchinchi xil turini yuqtirgan bemorda esa bu kabi holatlarga qusish va ich ketish kabi noxush holatlar qo‘shilib keladi.
Yaqin kunlargacha gripp kasalligini oldini olish va davolash dunyo meditsinasi uchun muammo emas edi. Bu kasallikni oldini olish uchun vaksinalar bor, kasallarni davolash usullari va preparatlar ham yetarli edi. Lekin, grippning shunday turlari tarqala boshladiki, dunyo vrachlari va virusologlari hayron qolishmoqda. Yana, grippning bu turlarini nomini qarang: “Parranda grippi”, “Cho’chqa grippi”. Hayvonot bog’iga qarab ketayapmiz shekilli. Bu ikkala gripp oqibatida inson hayotdan ko‘z yumushi mumkinligi, kasallikni tez tarqalishi va kasallik asoratlari INSONIYATni g’oyatda qo‘rqitib qo‘ydi.
Gripp kasalligining yana bir turi men tomonimdan yaqinda kashf etildi. Qarangki, grippning bu turi inson hayotiga tajovuz qilmaganligi, isitma chiqarmaganligi va boshqa tomonlardan ko‘zga tashlanmaganligi sababli hech kimning e’tiborini tortmagan ekan. Lekin, uning tarqalishi juda sezilarli bo‘lib, tekshirib ko‘rilsa hammada ham oz bo‘lsa ham shu virus topiladi. Kasallik aholining o‘quvchilar va talabalar degan qismida juda keng tarqalib ketgan ekan. Kasallikning namoyon bo‘lishi ham qiziq.
Kasallik yuqqan odam dangasalik qila boshlaydi, darslarga bormaydi, dars qilgisi kelmaydi, ozgina berilgan uy vazifasini ham bajarmaydi, o‘qimaslik uchun har xil bahonalar topa boshlaydi. Shu alomatlatga ko‘ra kasallikni darajalarga bo‘lish mumkin bo‘ladi.Kasallikning yuqishi ham o‘ziga yarasha ajoyib. Kasal odamga yaqin yursa, do’st tutinsa, dars qilmay “nimanidir” hisobiga baho olayotgan tengdoshlarini ko‘rsa yoki shu tog’risida eshitsa ham kasallik yuqaveradi. Bu kasallikni kashf qilgan inson sifatida nom bermoqchi bo‘lganimda, hayolimga bir maqol keldi: “Eshshakning yukini yengillatsang yotoqchilaydi”. Shuning uchun ham bu kasallikni “Eshshak grippi” deb nomladim va kasallikni davolash usullari bormikan, deb o‘ylay boshladim.
Kasallik endi avj ola boshlagan davrda uyda “Ota-ona do’qi” va maktabda “O‘qituvchi tanbehi” preparatlari, kasallik ancha avj olgan bo‘lsa uyda o‘g’il bolalar uchun “Ota kaltagi”, qiz bolalar uchun “Ona chimchilashi” preparatlari va maktabda universal “Choraging 2” preparati, kasallik juda avj olgan bo‘lsa uyda “Ota yoki ona savalashi” hamda maktabda “Sinfda qolding” preparatlari yaxshi natija berishi mumkin. Iloji bo‘lsa, “Do’st suhbati”, “Ota-ona nasihati”, “Ustoz tavsiyasi” kabi darmondorilardan, “Kutubxona” degan sanatoriylardan foydalanilsa kasallik juda tez davolanishi mumkin.
Bu kabi davolanish ta’sir etmasa, yana bir preparat borki, shu ham yordam bermasa unda bilmadim. Bu preparat hech qayerda sotilmaydi, faqat o‘zi keladi. Uning nomi “Sevgi ta’siri”.Yana bir gap, o‘tkazgan sinov-tajribalarim shuni ko‘rsatmoqdaki, bu kasallik avlodlarga ham juda osonlik bilan o‘tar ekan.Sizga maslahatim: “Eshshak grippi”dan asranish uchun “Doimo kitob o‘qing” vaksinasidan foydalaning.
17.11.2009
Axat O‘zibek
Yunusobod tumanidagi 274-maktabning Informatika o‘qituvchisi A.R.Azamatov
Recent Comments